Erkak bolalarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berib, ularni yerto‘lada organ xodimlaridan yashirdi — video
Fuqaro darslar uchun o‘quvchilarning ota-onalaridan pul va oziq-ovqat olgan.

Toshkent va Farg‘onada noqonuniy diniy ta’lim berish va diniy adabiyotlarni noqonuniy nashr etish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Birinchi holat poytaxtning Olmazor tumanidagi “Jiydali” mahallasida sodir bo‘lgan. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro vaqtincha yashab turgan xonadonlardan birida 2025-yil may oyidan boshlab noqonuniy diniy ta’lim berib kelingan. U 15 nafar yoshni o‘qitib, har biridan 150 dollardan olgan.
O‘quvchilar respublikaning turli hududlaridan kelgan bo‘lib, 2004-2014-yillar oralig‘ida tug‘ilgan va ularning 11 nafari voyaga yetmagan. Qolaversa, ular orasida uch yildan beri maktabga bormagan bir o‘quvchi ham bor ekan.
Yana bir holatda Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro joriy yilning iyun oyidan buyon 10 nafar voyaga yetmagan bolani o‘qitib, buning uchun 100 dollar va oziq-ovqat talab qilgan. Bundan tashqari, u huquq-tartibot idoralari xodimlari tekshiruv o‘tkazishi mumkinligini oldindan ko‘rib, bolalarni yashirish uchun qo‘lbola yerto‘la qurgan. Bu yerto‘la metall qopqoq bilan yopilib, tosh va qum bilan ko‘milgan edi.
“Noqonuniy faoliyatni yashirishning bunday usulini hech qanday izohlab bo‘lmaydi. Farzandini bu odamga ishonib topshirgan ota-onalarga savol tug‘iladi: farzandingiz yerto‘lada saqlanayotganini bilarmidingiz?”, — deyiladi xabarda.
Holatlar yuzasidan 241-modda (Diniy ta’limni qonunga xilof ravishda amalga oshirish) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchilar ro‘yxatdan o‘tmagan, noqonuniy chop etilgan diniy kitoblar va rasmiy gologrammaga ega bo‘lmagan turli qo‘lyozmalardan foydalangan.
Uchinchi holat Farg‘onada sodir bo‘lgan. Buvayda tumanida yashovchi fuqaro uyida bosmaxona tashkil etib, u yerda diniy adabiyotlarni chop etish bilan shug‘ullangan. U bu kitoblarni Toshkent, Toshkent va Samarqand viloyatlari do‘konlarida tarqatgan. 1210 dona tayyor kitoblar, 2000 dona yarim tayyor kitoblar, 6 dona bosma uskunalar olib qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 2024-yil iyul oyida xuddi shunday huquqbuzarlik uchun jarimaga tortilgan, biroq noqonuniy faoliyatini davom ettirgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bolalarni ayovsiz kaltaklagan noqonuniy diniy maktablar aniqlangandi. Shu bilan birga, ota-onalar ko‘karishlar va jarohatlarga qaramay, o‘qish uchun to‘lovni amalga oshirgan.
Izohlar