11-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bitta o‘quv markazining 20 nafar talabasi zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holatga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qorako‘l tumani Xo‘jalar mahallasi Ulug‘bek ko‘chasidagi “Ilm nuri” o‘quv markazida 20 nafar abituriyentda noma’lum moddadan zaharlanish alomatlari aniqlangan. Xabar kelib tushishi bilan jabrlanganlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, 20 nafar bemorning ham ahvoli yaxshilanib, ambulator davolanish uchun uyiga javob berilgan. Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirilgan. Hozirda ularning ahvoli qoniqarli, shikoyatlari yo‘q. Ekspertiza yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
























