Hodisa

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi tirbandlik bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi

Avtomobillarni tekshirish jarayonini tezlashtirish uchun nazorat-o‘tkazish punktiga yuzlab xodimlar yuborildi.

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi tirbandlik bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi

Davlat bojxona qo‘mitasi fuqarolar uzoq tekshiruvlar tufayli Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida qolib ketgani haqidagi ma’lumotga munosabat bildirdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Qurbon hayiti yaqinlashayotgani munosabati bilan yo‘lovchilar oqimi ko‘paygan. So‘nggi sutkada postni 40 mingga yaqin fuqaro va 2 mingdan ortiq avtomobil kesib o‘tgan. Ularning soni ortib borishi kutilmoqda.

“Navoiy” bojxona postidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlatning vakolatli tuzilmalari o‘rtasida tezkor muloqot tashkil etilgan bo‘lib, hozirda o‘tish jarayonini tezlashtirish asosiy maqsaddir. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun chegara postlariga 150 nafar bojxona xodimi ko‘rinishida qo‘shimcha kuchlar yuborildi.

“Fuqarolarni tezda chegaradan o‘tkazish muhim, ammo davlat xavfsizligini ta’minlash birinchi o‘rinda turishi kerak. Jinoyatchilar postdagi vaziyatdan foydalanib, taqiqlangan moddalar kontrabandasini o‘tkazishga urinmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi”, — deyiladi xabarda.

Har bir avtomobilni ko‘zdan kechirish uchun 5 daqiqadan 10 daqiqagacha vaqt sarflanadi. Qayd etilishicha, post orqali boshqa davlatlar fuqarolari ham harakatlanmoqda. Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari ham eng kam yuklamali “Oqoltin” va “Malik” punktlaridan foydalanishlari mumkin.

Fuqarolar chegarani “Yallama” punkti orqali ham kesib o‘tishlari mumkin, biroq u yerda yuk ortilgan mashinalar ham tekshiriladi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, bir qator postlar hozirda rekonstruksiya qilinib, harakatlanish uchun yopilgani ham mavjud postlarga yuklamani oshirgan.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Qozog‘iston bilan chegarada uzun navbatlarda qolib ketgani xabar qilingandi. Fuqarolar avtomobillar nazorat-o‘tkazish punktlari orqali ulkan kechikish bilan o‘tkazilayotganidan shikoyat qilmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid