Angrenda yuz bergan mudhish YTHda yetti kishi halok bo‘ldi
Sement tashuvchi haydovchi ikkita yuk mashinasi va beshta yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketgan.

7-sentyabr kuni IIBB Angrenda 7 kishi halok bo‘lgan dahshatli avariya tafsilotlarini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l-transport hodisasi soat 12:20 larda Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan A-373 Toshkent—O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida sodir bo‘lgan. 1981-yilda tug‘ilgan, 15 yillik tajribaga ega Shacman markali sement tashuvchi haydovchi boshqaruvni yo‘qotdi. U temir yo‘l kesishmasida ikkita yuk mashinasi va beshta yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketdi.
To‘qnashuv paytida yong‘in chiqdi. Voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar tomonidan zudlik bilan o‘chirilgan. Hodisa oqibatida 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, 5 kishi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, 4 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish, shuningdek, og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida tegishli davlat organlari mutaxassislaridan iborat Hukumat komissiyasi tuzildi. Hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, viloyat IIB ma’lumotlariga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov boshlandi.
Izohlar