Andijondagi avtoservisda yirik yong‘in sodir bo‘ldi, bir kishi halok bo‘ldi — video
Yong‘inga ishchilardan birining ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

29-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi uylardan birida yong‘in chiqqani haqida xabar tarqaldi. Viloyat FVB va Bosh prokuratura holat yuzasidan izoh berdi.
FVB ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in haqida xabar 28-iyul kuni soat 18:21 da kelib tushgan. Yong‘in Asaka tumani Yangiobod ko‘chasidagi “Ne’matobod” mahallasida joylashgan turar joy binosida ochilgan avtoservisda sodir bo‘lgan. Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 18:26 da etib borib, yong‘in soat 18:54 da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘inga ishchilardan birining ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan. Yong‘in natijasida uyning 70 kvadrat metr maydonda tom qismi yonib ketgan. Ma’lum qilinishicha, xodimning o‘zi yong‘in oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir fuqaro og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Labo avtomobili to‘liq yonib ketgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida sud-tibbiy, yong‘in-texnik va boshqa zarur ekspertizalar tayinlangan. Tergov boshlandi. Aybdorlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod yonib ketgandi. Yong‘in deyarli qirq daqiqadan so‘ng o‘chirilgan.
Izohlar