Andijonda suv kanali to‘satdan ko‘piklandi — video
Viloyat Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan suvdan namunalar olinib, o‘rganildi, prokuratura tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganildi.

27-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Katta Farg‘ona” kanalida suv yuzasida ko‘pik paydo bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ko‘pik Buloqboshi tumani “Shirmonbuloq” qishlog‘idan oqib o‘tuvchi “Katta Farg‘ona” kanalida ko‘ringan. Mutaxassislar tekshiruv o‘tkazishdi. Ma’lum bo‘lishicha, 26-iyul kuni soat 09:00 atrofida suv yuzasida ko‘pik paydo bo‘lgan. Tezkor tahlil uchun suv namunasi olindi.
Bundan tashqari, kanal bo‘yida Hojiobod, Buloqboshi va Marhamat tumanlari ekologiya inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari tashkil etildi. Tadqiqot davomida suv yuzasidagi ko‘pik inson, tabiat, jumladan, kanal atrofidagi suv jonivorlari va o‘simliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatmagani tasdiqlandi.
“Prokuratura ham ishni nazoratga oldi, ishchi guruh tuzildi. Hozirda surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ushbu qoidabuzarlik natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo suv kanalida FVB xodimlari erkak kishining jasadini topgandi. Ish bo‘yicha tergov boshlandi.
Izohlar