Andijonda sisternaga chiqqan erkakni tok urdi — video
Jabrlanuvchi shoshilinch tarzda kasalxonaga yotqizildi.

Andijon viloyatida noma’lum shaxs temir yo‘l stansiyasiga kirib, u yerdagi sisternalardan biriga chiqishi oqibatida tok urishiga uchradi, deb xabar qilmoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 10-iyun kuni “Poytug‘” stansiyasida yuz bergan. Noma’lum shaxs stansiya hududiga kirib, ikkinchi yo‘lda turgan bo‘sh sisternaga chiqib olgan. Erkak sisterna tomida bo‘lganida kontakt tarmog‘iga tegib ketib, tok urishiga uchragan va yerga yiqilgan.
Stansiya navbatchisi jabrlanuvchiga tez tibbiy yordam chaqirgan. Erkak shifoxonaga yotqizilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Kompaniya fuqarolarga temir yo‘l yaqinida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini eslatdi, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasi obyektlariga ruxsatsiz kirish hayot va sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
Bundan oldin ikki o‘smir poyezd vagonida selfi tushmoqchi bo‘lgani va tok urishiga uchragani haqida xabar berilgandi. Yigitlarning birining tanasi 50 foizdan ko‘proqqa kuyib ketgan.
Izohlar