Andijonda IIB xodimini o‘ldirib, qochib ketgan erkak topildi va qo‘lga olindi — video
Ayblanuvchi qo‘lga olish vaqtida o‘zining qorin sohasiga pichoq bilan jarohat yetkazgan.

4-iyul kuni Andijon viloyatida IIB xodimini o‘ldirib, yashiringan shaxs topilib, qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.
Gumonlanuvchi soat 06:30 da Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Suqoloq” qabristonida makkajo‘xori poyasi ichiga yashiringan holda topilgan. Qo‘lga olish chog‘ida u qorin sohasiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Unga birinchi shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib ketilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. IIV jinoyatchini qo‘lga olishda yordam bergan fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyul kuni Andijonda mast erkak huquq-tartibot xodimini o‘ldirib, qochib ketgandi. Qo‘lga olish chog‘ida erkak inspektorning ko‘kragiga pichoq sanchgan. O‘shanda jinoyatchi qidiruvga berilgan, IIV marhumning oilasiga hamdardlik bildirgan, dafn marosimida viloyat hokimi ishtirok etgan.
Izohlar