Andijonda erkak sobiq sevgilisini shaxsiy fotosuratlari bilan shantaj qildi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tergov harakatlarini olib borishmoqda.

Andijon viloyatida ilgari ishqiy munosabatda bo‘lgan tanishining shaxsiy suratlarini tarqatmaslik evaziga undan pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Shahrixon tumanida sodir bo‘lgan. Mahalliy fuqaro tanishi bilan jinsiy aloqada bo‘lib, biroz vaqt o‘tgach, undan pul talab qila boshlagan, ijtimoiy tarmoqqa ularning yozishmalari, shuningdek, shaxsiy videoyozuvlari va fotosuratlarini joylashtirish bilan tahdid qilgan.
Tartib posbonlari huquqbuzarni jinoyat ustida o‘tkazilgan tezkor tadbirda pul olayotgan vaqtida qo‘lga olgan. Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, erkakka sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilganlikda, shuningdek, ayolning mulkini qo‘lga kiritish maqsadida uni qo‘rqitganlikda ayb e’lon qilingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Buxoroda erkak sobiq ayoldan uning intim suratlarini tarqatmaslik evaziga pul talab qilgani haqida xabar berilgandi. Jinoyatchi ayolni yashirincha suratga va videoga olgan, u pul olayotganda qo‘lga olingan.
Izohlar