Hodisa

Andijonda bir guruh yigitlar Suriyaga urushga ketmoqchi bo‘ldi

Jinoyatchilar o‘z g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqatishgan.

Andijon viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan taqiqlangan materiallarni tarqatib, Suriyada faoliyat yuritayotgan terrorchilik guruhiga qo‘shilishni rejalashtirgan bir guruh yoshlar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Shahrixon tumanida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 19 yoshli 9 nafar yigit avval sinfdosh bo‘lgan. Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda guruh tuzib, taqiqlangan ekstremistik materiallarni tarqatgan, o‘zlariga obunachilarni jalb qilgan va keyinchalik mamlakat hududini tark etishni rejalashtirgan.

Tartib posbonlari mazkur holat yuzasidan 244-1-sonli (Jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-sonli (Taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Huquqbuzarlar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda terrorizmni targ‘ib qilgan uch nafar yosh qiz qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Qizlar taqiqlangan tarmoqlarda taqiqlangan kontentni ulashgan va yangi a’zolarni jalb qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная