Andijonda ayol qarzdorligi uchun qizni kaltaklab, sochini qirib tashlamoqchi bo‘ldi — video
Jabrlanuvchi ayblanuvchining do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlagan.

22-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta ayollar qizni kaltaklab, haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi. Andijon viloyati IIB hodisa yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2024-yil 15-dekabr kuni Andijon shahrining “Hunarmand” mahallasidagi kiyim do‘konlaridan birida sodir bo‘lgan. Kadrlarda ayolning qizni yerto‘lada ushlab turgani, kaltaklagani va sochini oldirishga uringani aks etgan. IIB ma’lumotlariga ko‘ra, bosqinchi 1992-yilda tug‘ilgan do‘kon egasi, jabrlanuvchi esa 2005-yilda tug‘ilgan xodim bo‘lib chiqdi.
Mojaroga jabrlanuvchining to‘lanmagan qarzi sabab bo‘lgan. Qiz avvalroq zo‘ravonlik haqida na huquq-tartibot idoralariga, na qarindoshlariga xabar bergan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayol qo‘lga olindi, tergov boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoda qiz qarzi uchun kaltaklanib, sochini olib, yechintirib yuborilgan edi . Huquq-tartibot idoralari xodimlari samosudni amalga oshirganlarni qo‘lga oldi.
Izohlar