Dunyo

Shavkat Mirziyoyevning Yevropa Ittifoqiga tashrifi dasturi e’lon qilindi

Prezident Yevropa kompaniyalari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23–24-oktyabr kunlari Bryusselga rasmiy tashrif bilan boradi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Yevropa Ittifoqi poytaxtida ushbu birlashmaning asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ko‘p qirrali munosabatlarni joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya-moliya, innovatsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, fan-ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq loyiha hamda dasturlarni ilgari surish e’tibor markazida bo‘ladi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Belgiya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi, texnologik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni jadallashtirish maqsadida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlarini qabul qiladi.

Avvalroq Bryusseldagi uchrashuv doirasida imzolanishi rejalashtirilayotgan yangi Kelishuv memorandumi 1996-yilgi kelishuv o‘rnini egallashi va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun zamonaviy huquqiy asos yaratishi haqida xabar berilgandi. Avvalgi hujjatdan farqli o‘laroq, u investitsiyalar va raqamlashtirishdan tortib barqaror rivojlanish va ekologiyagacha bo‘lgan ancha keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная