Dunyo

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi — asosiylar

Prezidentlar yirik energetika loyihalarini ham muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini yanada rivojlantirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini bir qator yo‘nalishlarda muhokama qilgan. Ikki mamlakat yetakchilari yirik qo‘shma loyihalarni, shu jumladan energetika sohasida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi.

Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, hududlarning ishbilarmonlik aloqalari va madaniy-gumanitar almashinuvini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil 22-oktabr kuni Moskva viloyatida o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi samarali bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 3-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va uning doirasida qo‘shma biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq Oq uyda Shavkat Mirziyoyevning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston prezidenti AQSH rahbarini mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная