Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlandi
Turkmaniston tomoni O‘zbekiston rahbarining BMT Konferensiyasi doirasidagi xizmatlarini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi tadbirlari doirasida Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va turkman xalqiga yuksak davlat mukofoti uchun minnatdorlik bildirgan.
“Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi sifatida qabul qilaman”, — dedi prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Arkadaga va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlarining Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga qo‘shgan hissasini qayd etib, bugungi kunda butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘ziga xoslikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatni e’tirof etayotganini ta’kidladi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari qardosh turkman xalqini shu kunlarda o‘tayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda 2025-yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston erkin savdo rejimini o‘rnatgani xabar qilingandi. Bojlarni bekor qilish munosabatlarni rivojlantirishni rag‘batlantiradi.
Izohlar