Shavkat Mirziyoyev dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi
BMT Konferensiyasi yakunlari bo‘yicha Turkmanistonda Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida o‘tayotgan BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda tomonlar transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga chidamlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda taraqqiyotga erishishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Davlat rahbari so‘zining avvalida Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholab, konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar dolzarb ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy jihatdan olislik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati qator xolis muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.
Xususan, tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining o‘tkazuvchanlik qobiliyati cheklangani, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqligi shular jumlasidan. Davlat rahbari Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitdagi beqarorlik tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha yo‘qotishini qayd etdi.
Shu bilan birga, logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi, bu o‘rtacha jahon darajasidan bir necha baravar yuqori. Shu munosabat bilan yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.
“Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala — adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu bilan birga, ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchta asosiy shartni bajarishni talab qiladi:
- barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish;
- tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish;
- global teng huquqlilikning asosiy elementi sifatida rivojlanish huquqini amalga oshirish.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy sektorni faol jalb qilgan holda zamonaviy transport-logistika tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha qator tizimli qadamlar qo‘yildi. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha ham salmoqli ishlarni amalga oshirishga erishildi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, shuningdek, savdo tizimi liberallashtirilayotgani va investitsiya muhiti tubdan yaxshilanayotgani sezilarli natijalar berayotganini ta’kidladi. Xususan, raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi.
Bugungi kunda mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobar ko‘payib, 11 milliard dollardan oshdi. Investitsiyalar ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi. Joriy yilda hamkorlar bilan birgalikda “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi, “O‘zbekiston—Turkmaniston—Eron— Turkiya” transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari bir qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, prezident xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ya’ni “O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston” temir yo‘lini qurish va uni qurilayotgan “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash loyihasini jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.
Mamlakat yetakchisi ta’kidlaganidek, bu yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘rta koridor salohiyatini, birinchi navbatda, kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.
Shuningdek, prezident BMT shafeligida dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global kelishuvni ishlab chiqishni taklif qildi. Hujjat portlar va kommunikatsiyalarga adolatli kirish sharoitlarini ta’minlashga, yuk tashish xavfini va global logistikadagi tengsizlikni kamaytirishga yordam berishi rejalashtirilgan.
Yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab ortib borayotganini hisobga olib, mamlakat yetakchisi BMT shafeligida Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasiga investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga qariyb 40 milliard dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning Global zaiflik indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion xab tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi, bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston yetakchisi yetakchi ekspertlar va “aql markazlari”ni umumiy tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga, shu jumladan xalqaro forumlar va davra suhbatlarini o‘tkazishga faol jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
“Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin”, — dedi prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun xalqaro tahliliy markaz faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekanini ma’lum qildi. So‘zining yakunida prezident mamlakat global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar Avaza siyosiy deklaratsiyasini qabul qildilar.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani xabar qilingandi. Turkmaniston tomoni O‘zbekiston rahbarining BMT Konferensiyasi doirasidagi xizmatlarini qayd etdi.
Izohlar