Rossiyada tunda ikkita temiryo‘l ko‘prigi portlatildi — video
O‘nlab jabrlanganlar va halok bo‘lganlar, jumladan, bolalar bor, rasmiylar sodir bo‘lgan voqeani ehtimoliy terakt sifatida ko‘rmoqda.

Rossiyaning Kursk va Bryansk viloyatlarida 1-iyun kuni tunda yo‘lovchi poyezdlari harakati paytida temiryo‘l ko‘priklari portlatildi, o‘nlab jabrlanganlar va halok bo‘lganlar bor, ular orasida bolalar ham bor, deb yozadi “TASS” Tergov qo‘mitasiga tayanib.
Birinchi portlash 31-may kuni soat 22:50 da Bryansk viloyatidagi “Vigonichi—Pilshino” temiryo‘l peregonida sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida avtomobil ko‘prigi konstruksiyasi qulab tushgan, uning bo‘laklari uning ostidan o‘tayotgan yo‘lovchi poyezdi ustiga tushgan.
Jabrlanganlar soni 73 nafarga yetdi, ular orasida to‘rt nafar bola va bir chaqaloq og‘ir ahvolda. Yetti kishi halok bo‘ldi. To‘rt oylik chaqaloq vertolyotda Moskvaga jo‘natilgan. Rasmiylar sodir bo‘lgan voqeaga ehtimoliy terakt sifatida qaramoqda. Shuningdek, besh nafar jabrlanuvchi, jumladan, uch nafar bola Moskvaga davolanish uchun yuboriladi.
Ikkinchi portlash 1-iyun kuni kechasi soat 03:00 atrofida Kursk viloyatining Jeleznogorsk tumanida sodir bo‘lgan. O‘tib ketayotgan temir yo‘l tarkibi avtomobil yo‘liga qulab tushdi. Hodisa oqibatida mashinist va uning 2 nafar yordamchisi tan jarohati olgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi ushbu hodisalar bo‘yicha jinoiy ishlarni tergov qilishni vazirlikning Tergov bosh boshqarmasi tergovchilariga topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarga murojaat bilan chiqqandi. Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi o‘zbekistonliklarga tavsiyalar berilgan. Vazirlik vatandoshlarga ehtiyot choralarini ko‘rishni, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni, shuningdek, odamlar gavjum joylarga bormaslikni va jamoat joylariga borishni cheklashni tavsiya qildi.
Izohlar