Rossiyada o‘zbekistonlik yigit “Mangu olov”da sigaretini yoqib oldi
Yigit natsizmni oqlash moddasi bo‘yicha hukm qilindi.

Rossiyada “Mangu olov”ni sigaretini yoqib, hurmatsizlik qilgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti O‘rta Uralsk sudlari matbuot xizmatiga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 28-iyun kuni sodir bo‘lgan. 19 yoshli o‘zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi frontlarida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi supachasiga ko‘tarilib, guvohlar ko‘z o‘ngida «Mangu olov»dan sigaret tutatdi. Shunday qilib, yigit muqaddas ramzni omma oldida haqorat qilgan.
O‘zbekistonlikning o‘zi sudda aybiga iqror bo‘ldi. Sverdlovsk viloyati sudi yigitni Jinoyat kodeksining 354.1-moddasi 3-qismi (Rossiyaning harbiy shon-shuhrat ramzlarini tahqirlash, Vatan himoyachilari xotirasini haqorat qilish yoki ommaviy ravishda sodir etilgan urush faxriysining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish) bo‘yicha aybdor deb topdi va 320 soatlik majburiy mehnat jazosi tayinladi.
Avvalroq Rossiyada o‘zbekistonlik terrorchilik tashkilotidagi ishtiroki uchun sudlangani haqida xabar berilgandi. Erkak voyaga yetmagan qizni ham o‘ziga qo‘shilishga ko‘ndirgan.
Izohlar