Dunyo

Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirini sementli chelak bilan o‘ldirishdi

Kuzatuv kameralaridagi yozuvlar chelakni 6-qavat derazasidan tashlab yuborishi mumkin bo‘lgan noma’lum shaxsni qayd etgan.

Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirini sementli chelak bilan o‘ldirishdi
Фото: Ситуативное

Rossiyada qurilishda ishlayotgan o‘zbekistonlik fuqaroning boshiga noma’lum shaxs sement qoldiqlari solingan chelakni uloqtirishi oqibatida halok bo‘ldi, deb xabar berdi 78.ru nashri.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 1 iyun kuni Leningrad viloyatining Vsevolojsk tumanida sodir bo‘lgan. “112” xizmatiga Novosaratovka qishlog‘idagi “Nevskaya dolina” qurilishida ishchining boshiga g‘isht tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan mutaxassislar jabrlanuvchi 34 yoshli o‘zbekistonlik ekanini aniqlashgan.

Qurilish obyektida pardozlash ishlarini bajarayotgan erkakning boshiga sement qorishmasi qoldiqlari solingan metall chelak tushib ketgan. Jabrlanuvchi ko‘plab tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, bir necha soatdan so‘ng jabrlanuvchi vafot etdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari kuzatuv kameralarini o‘rganib chiqib, soat 11:47 da noma’lum shaxs dastlab qurilayotgan uyning oltinchi qavatidagi derazadan tashqariga qaraganini, shundan so‘ng qo‘lini chiqarib, chelakni pastga uloqtirganini, bu esa ishchining o‘limiga sabab bo‘lganini aniqladi.

Tartib posbonlari qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish oqibatida ishchi halok bo‘lgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ishlab chiqarish jarayonining xavfsizligini ta’minlashi kerak bo‘lgan xodimlarni aniqlashni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonlik balandlikdan yiqilib, vafot etgani haqida xabar berilgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, migrantda sug‘urta aloqasi bo‘lmagan.

Izohlar

Mavzuga oid