Rossiyada o‘zbekistonlik koloniyadan qochib, politsiyaga qarshilik ko‘rsatgani uchun 10 yilga qamaldi
Erkak 6 kishidan iborat guruh bilan axloq tuzatish muassasasidan qochib, deyarli bir oy yashiringan va hibsga olish chog‘ida politsiyachining qo‘lini sindirgan.

Rossiyada koloniyadan qochgan va qayta hibsga olish chog‘ida politsiyaga qarshilik ko‘rsatgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi, deb yozadi TASS Tambov viloyati prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2024-yil oktyabr oyida Lipetsk viloyatida sodir bo‘lgan. Markaziy Osiyo davlatlari vakillari bo‘lgan olti nafar mahbusdan iborat guruh tarkibidagi erkak 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan qochib ketgan. Oktabr oyi oxirida tezkor tadbirlar davomida huquq-tartibot idorasi xodimi koloniyadan qochganlarga o‘xshash fuqarolarni aniqlagan.
Boshqarma matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayblanuvchi qo‘lga olish chog‘ida politsiya xodimiga qarshilik ko‘rsatib, unga o‘ng qo‘l panjasi suyagining yopiq sinishi ko‘rinishida tan jarohati yetkazgan, bu o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati sifatida baholanadi. Natijada sud erkakni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 318-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga nisbatan o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘ravonlikni qo‘llash) bo‘yicha aybdor deb topdi va unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Avvalroq Rossiya qamoqxonalaridagi o‘zbekistonliklarning aksariyati giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangani haqida xabar berilgandi. Qolganlari jinsiy zo‘ravonlik, qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, o‘g‘irlik va firibgarlik uchun ham qamoqda.
Izohlar