Rossiyada migrantlarni qurilish va umumiy ovqatlanishga yollashni cheklash taklif qilindi
Ayrim sohalarda xorijliklar ishga qabul qilinmaydi.

Rossiyada 2026-yilda to‘qqizta iqtisodiy faoliyat turida xorijiy ishchilar ulushini kamaytirish taklif qilindi, deb xabar beradi Mehnat vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiylar qurilishda xorijiy ishchilar ulushini 50 foizgacha cheklashni taklif qilmoqda. Alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari chakana savdosi sohasida mehnat migrantlari ulushini 15 foizdan nolga tushirish rejalashtirilgan. Sabzavot yetishtirish, yog‘och va yog‘och-taxta materiallari ulgurji savdosi, yog‘och tayyorlash, yog‘ochni qayta ishlash va undan buyumlar ishlab chiqarish sohalarida ishlayotgan xorijliklar ulushini 50 foizdan 40 foizga tushirish mo‘ljallanmoqda.
Aholiga xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ulushni ham kamaytirish taklif etilmoqda. Umumiy ovqatlanishda ish o‘rinlarining kamida yarmi endi Rossiya fuqaroligiga ega xodimlarga berilishi kerak, ilgari chet ellik ishchilar uchun bunday cheklovlar yo‘q edi. Mehnat vazirligi Rossiyaning 29 ta subyektida ishga yollashning mintaqaviy xususiyatlarini belgilashni taklif qildi, ulardan 14 tasida faoliyatning ayrim turlarida chet ellik xodimlarning ruxsat etilgan ulushi federal qiymatlardan past bo‘lishi mumkin.
Ular orasida Udmurt Respublikasi, Zabaykale o‘lkasi, Krasnoyarsk o‘lkasi, Primore o‘lkasi, Yahudiy avtonom viloyati, Amur, Novosibirsk, Orenburg, Orlov, Samara, Tver, Tula, Ulyanovsk va Chelyabinsk viloyatlari bor.
Avvalroq Sankt-Peterburgda migrantlarga kuryer bo‘lib ishlash taqiqlangani haqida xabar berilgandi. Rossiya hukumati bu qarorni rossiyaliklar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratish istagi bilan izohladi.
Izohlar