Dunyo

Rossiyada mahalliy aholi o‘zbekistonlik migrantlarni kaltakladi

Diplomatlar masala bo‘yicha chora ko‘rish talabi bilan notalar yubordi.

Rossiyada bir guruh mahalliy yoshlar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini kaltaklab, haqorat qildi. Mamlakat TIV matbuot xizmati hodisaga izoh berdi.

Voqea 13-sentyabr kuni Vladivostokda sodir bo‘lgan. Jabrlanganlar mamlakat konsulligiga murojaat qilgan, biroq ularning so‘zlariga ko‘ra, konsullik xodimlari hech qanday yordam ko‘rsatmagan va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilish bo‘yicha maslahat berish bilan cheklangan. O‘zbekistonliklar mahalliy huquq-tartibot idoralariga ariza topshirishdan qo‘rqqanliklarini aytishdi.

Keyinroq holat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputati, bloger Rasul Kusherbayev qiziqqan. Ekologiya vaziri maslahatchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari va boshqa vakolatli organlardan mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shundan so‘ng, boshqarma ham munosabat bildirib, mutaxassislar jabrlangan fuqarolar bilan bog‘lanib, ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatganini ma’lum qildi. Shuningdek, TIV ma’lumotlariga ko‘ra, vatandoshlar Vladivostok IIBBga ariza topshirgan, diplomatlar esa Rossiya TIVning Vladivostokdagi vakolatxonasiga, shuningdek, Primore o‘lkasi prokuraturasiga nota yuborgan va ushbu holat bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqirgan.

Shuningdek, mutaxassislar vaziyat O‘zbekiston konsulligi va Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan alohida nazoratga olinganini ta’kidlab, ommaviy axborot vositalari vakillaridan faqat rasmiy manbalarga tayanishni va sodir bo‘layotgan voqealarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘rashdi.

Avvalroq Rossiyada migrantlarga o‘z maoshidan ko‘proq pulni xorijga o‘tkazishni taqiqlamoqchi ekanliklari haqida xabar berilgan edi. Bu yashirin daromadlar, soliqdan qochish va kapitalni chet elga olib chiqib ketishdan qochishga yordam beradi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная