Rossiya va O‘zbekiston parvozlar geografiyasini kengaytirdi va aviaqatnovlar sonini oshirdi
Har bir kompaniya “uchburchak” shaklida parvozlarni amalga oshirish doirasida aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilingan holda beshta shahargacha tanlashi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston va Rossiya aviaqatnovlar sonini oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar Moskvada bo‘lib o‘tgan. Tomonlar mavjud reyslar sonini ko‘paytirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatlar aviakompaniyalariga tegishli huquqlarni berish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar natijasida ikki mamlakatning tayinlangan kompaniyalariga haftasiga quyidagi reyslar sonini amalga oshirish huquqini berish bo‘yicha kelishuvga erishildi:
- Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 50 ta reysdan (jami 100 ta reys);
- Samarqand — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 23 ta reys (jami 46 ta reys);
- Buxoro — Moskva, Urganch — Moskva, Farg‘ona — Moskva, Namangan — Moskva yo‘nalishlari bo‘yicha 14 tadan reys (jami 112 ta reys);
- Toshkent — Sankt-Peterburg, Toshkent — Krasnoyarsk, Toshkent — Sochi yo‘nalishida 14 tadan reys (jami 42 ta reys);
- Termiz — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha 10 tadan reys (jami 20 ta reys).
Tomonlar boshqa shaharlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha yana 7 ta reysni amalga oshirishga kelishib oldilar. Rossiya aviatashuvchilari uchun ularning 80 ta xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga jami 560 ta reys, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun esa O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlaridan Rossiyaning 29 ta eng yirik xalqaro aeroportiga jami 203 ta reys amalga oshiriladi.
Har bir kompaniyaga uchta manzilni birlashtirgan “uchburchak” shaklidagi parvozlarni amalga oshirish doirasida aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovlarni bekor qilgan holda beshta shahargacha tanlash huquqi berildi. Shuningdek, ikki mamlakat aviakompaniyalari barcha yo‘nalish shaharlaridan samarali foydalangan holda haftasiga 1000 dan ortiq reyslarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida haftasiga 310 dan ortiq muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi aviachiptalarni sun’iy ushlab turishni nazorat qilishi haqida xabar berilgandi. Ba’zi aviakompaniyalar allaqachon ichki reyslar uchun chipta narxlarini pasaytirishni boshlagan.
Izohlar