Dunyo

Qozog‘istonda maishiy chiqindilar poligonidagi yong‘in tufayli favqulodda holat e’lon qilindi

Qutqaruvchilar uchinchi sutkadan beri yong‘inni o‘chirishmoqda, hozirda olov 10 gektar maydonni qamrab olgan.

Qozog‘istonda mahalliy qattiq maishiy chiqindilar poligonida sodir bo‘lgan yirik yong‘in tufayli hukumat texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyat joriy etdi, deb yozadi “KazInform”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in Olmaota viloyatining yangi shahri Olatovda sodir bo‘lgan. Mamlakat rahbari 2024-yil yanvar oyida uni tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Ushbu hudud xalqaro biznes markaziga aylanishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, yong‘in “Olmaota — Ust-Kamenogorsk” avtomobil yo‘lining 35-kilometrida joylashgan QMCH poligonida sodir bo‘lgan.

Yong‘in 15-sentyabr kuni sodir bo‘lgan va mutaxassislar hali ham olovni o‘chira olmagan. Poligonning umumiy maydoni 35 gektar bo‘lib, hozirda uning 10 ga yaqini yong‘in ichida qolmoqda. Qayd etilishicha, yong‘in sabablarini aniqlash uchun maxsus tekshiruv o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yong‘in katta hududni qamrab olganligi sababli, favqulodda vaziyat rejimining joriy etilishi barcha zarur kuch va vositalarni zudlik bilan jalb qilish imkonini beradi. Ko‘rilgan choralar oqibatlarni bartaraf etish ishlarini jadallashtirishga qaratilgan. Vaziyat doimiy nazorat ostida. Aholi hayotiga hech qanday xavf yo‘q, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Qozog‘istonda temir-tersak qabul qilish joyida sodir bo‘lgan portlash uch nafar o‘zbekistonlikning hayotiga zomin bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Tergov favqulodda hodisa sabablarini aniqlamoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная