O‘zbekistonliklardan Isroil va Eron mojarosini dinlar va e’tiqodlar to‘qnashuvi sifatida qabul qilmaslik so‘raldi
Fuqarolarga xotirjamlik va hushyorlikni saqlash, ishonchli manbalarga asoslangan vazmin pozitsiyani egallash tavsiya etildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yana bir bor vatandoshlarga murojaat qilib, bunday vaziyatlarga qanday munosabat bildirish kerakligi haqida gapirdi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro haqida turli fikrlar bildirilmoqda va ba’zi foydalanuvchilar diniy e’tiqod bilan bog‘liq odamlarning his-tuyg‘ularini o‘ynaydigan izohlar qoldirishi mumkin. O‘zbekiston mojaroga rasman munosabat bildirib, har ikki tomonni to‘liq bosiqlik ko‘rsatishga, harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga va mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirdi.
TIV O‘zbekiston har ikki davlat bilan mustahkam diplomatik aloqalarga ega ekani, Eron-Isroil mojarosi mamlakat manfaatlariga javob bermasligini qayd etib, ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan ushbu ziddiyatli vaziyat fuqarolarni ba’zan vahima va his-tuyg‘ularga berilib, fikr bildirishga majbur qilayotganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan, idora bunday vaziyatlarda amal qilinishi kerak bo‘lgan bandlar ro‘yxatini tuzdi:
- vazmin, mulohazali va bag‘rikeng bo‘lish;
- harbiy mojaroga dinlar va e’tiqodlar to‘qnashuvi nuqtayi nazaridan qaramaslik;
- muvozanatli pozitsiyaga amal qilish;
- tekshirilgan, ishonchli axborot manbalaridan foydalanish;
- diniy asosda shaxsiy yoki umumiy xulosalar chiqarmaslik, chunki bu jamiyatda bo‘linish, qarama-qarshiliklar va radikal kayfiyatlarning shakllanishiga olib kelishi mumkin;
- davlat organlari matbuot xizmatlari va boshqa rasmiy ekspertlarning fikriga amal qilish;
- fikr bildirish va axborot tarqatishda jamiyat barqarorligi va shaxsiy mas’uliyatni unutmaslik.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamyurtlarimizdan turli provokatsiyalar va haqoratli chaqiriqlarga berilmaslikni, vaziyatga hissiy emas, balki vazmin munosabatda bo‘lishni so‘ragandi. Vazirlik jamiyatda milliy va diniy totuvlikni saqlash umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim garovi ekanligini eslatdi.
Izohlar