O‘zbekistonliklar Yevropa Ittifoqi davlatlari chegaralarini kesib o‘tishning yangi qoidalariga duch keladi
Pasportlardagi shtamplar o‘rnini elektron tizim egallaydi.

12-oktyabrdan boshlab Yevropa Ittifoqida xorijliklarni hisobga olish uchun EES yagona kirish-chiqish tizimi ishga tushadi, deb xabar qildi O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi matbuot xizmati.
Tizimda qisqa muddatli vizalar bo‘yicha sayohatlar va 90 kungacha vizasiz sayohatlar hisobga olinadi. Yevropa Ittifoqining 29 mamlakatida tizimni ishga tushirish yarim yil ichida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
EESda ro‘yxatdan o‘tish uchun chet elliklar biometrik ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak. Vizasiz sayohatlar uchun fotosuratga tushish va barmoq izlarini taqdim etish talab etiladi, viza egalari esa faqat suratga tushishlari kerak.
EESda ro‘yxatdan o‘tish tartibi asta-sekin pasportlardagi chegara nazorati shtamplarini almashtiradi. Tizim Yevropa Ittifoqi chegaralarini kesib o‘tishni tezlashtirishi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlarini kelayotgan chet elliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlashi va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga yordam berishi kerak.
EESdan faqat biometrik pasportga ega xorijliklar foydalanishi mumkin. Bunda oddiy pasport egalari an’anaviy tarzda pasport nazoratidan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
EESda quyidagilar ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi kerak:
- Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yashash guvohnomalari egalari;
- Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining uzoq muddatli vizalari egalari;
- rezidentlik kartasiga ega bo‘lgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqarolarining yaqin qarindoshlari;
- o‘qish, tadqiqot, volontyorlik, talabalar almashinuvi, ichki korporativ ko‘chirish va ta’lim loyihalari doirasida kelgan shaxslar.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga sayohat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarni yangi qoidalar bilan yaqindan tanishishga chaqirdi.
Izohlar