O‘zbekiston vaqti kelganda “Tolibon”ni tan oladi — sobiq TIV rahbari Komilov
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Toshkent buni jahon hamjamiyati bilan birgalikda amalga oshiradi.

O‘zbekiston “Tolibon” harakatini jahon hamjamiyati bilan birgalikda “vaqti kelganda” Afg‘onistonning to‘laqonli hokimiyati sifatida tan oladi. Bu haqda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, davlat rahbarining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Toshkent buni jahon hamjamiyati bilan birgalikda amalga oshiradi. Shuningdek, mamlakatning sobiq tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston toliblar bilan xalqaro muloqot g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi va ular bilan o‘zaro munosabatlarda pragmatik yondashuvga amal qilishini ta’kidladi.
“Vaqti kelganda albatta tan olamiz, boshqa yo‘l yo‘q. Lekin biz xalqaro hamjamiyat, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan birgalikda tan olinish uchun bu qadamlarni tashlamoqchimiz”, — dedi Komilov Ishonch.uz’ga bergan intervyusida.
Avvalroq “Tolibon” Afg‘onistonni besh yilga rivojlantirish rejasini belgilab olgani xabar qilingandi. BMT amirlikda ayollar huquqlarini cheklash mamlakat rasmiylariga qimmatga tushishi mumkinligini ta’kidlagan.
Izohlar