Dunyo

O‘zbekiston va Polsha mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilmoqda

Shuningdek, tomonlar uch tomonlama bitimlar tuzish amaliyotini joriy etish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston va Polsha mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va uch tomonlama shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston diplomatlari Polsha Davlat mehnat inspeksiyasi bosh inspektori o‘rinbosari Ursula Langer bilan uchrashgan. Muzokaralar chog‘ida Polshada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonliklarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, noqonuniy bandlikning oldini olish, shuningdek, hamkorlikni kengaytirish va amaliy tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat vakillari vatandoshlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, migratsiya sohasidagi qonunchilikni uyg‘unlashtirish va uch tomonlama shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish, shuningdek, migratsiya va harakatchanlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimni imzolash istiqbollarini muhokama qildi.

Yakunda Polsha tomoniga O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Migratsiya agentligining vazifalari va faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Polsha tomoni o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishga tayyorligini tasdiqladi.

Avvalroq Polsha O‘zbekistondan mehnat muhojirlariga qiziqish bildirayotgani xabar qilingandi. Dastlab Polsha hukumati o‘zbekistonliklarni qurilish, ishlab chiqarish va logistika sohalariga ishga joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная