O‘zbekiston Tolibon bilan fundamental kelishuv tuzdi
Tomonlar bir necha yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini kelishib oldi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda savdo-sotiqning turli sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi imzolandi, deb xabar bermoqda Atlas Press.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashib, mamlakatlarga “eksportni rivojlantirish, bandlikni oshirish, tarmoqlarni mustahkamlash va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun yangi eshiklarni ochishga” yordam beradigan ikki muhim hamkorlik hujjatini imzolagan.
Xususan, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim shunday hujjatlarning birinchisi bo‘ldi. Qayd etilishicha, ushbu tarixiy hujjat tariflarni pasaytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish va tovarlarning mamlakatlar o‘rtasidagi bozorga kirishini osonlashtirish orqali ikki tomonlama savdoni rivojlantirishga yordam beradi. Afg‘oniston sanoat va savdo vazirligi ushbu kelishuvni “ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun fundamental” deb ta’rifladi.
Ikki mamlakat vakillari imzolagan ikkinchi hujjat savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika va salohiyatni oshirishning turli sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Afg‘oniston-O‘zbekiston qo‘shma harakatlar rejasi bo‘ldi. Tomonlar ushbu hujjatlarning imzolanishi iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni rag‘batlantirish va mintaqaviy savdoni barqaror rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, ikki mamlakat vakillari avvalgi majburiyatlarni amalga oshirish va iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, qo‘shma investitsiyalar, ikki mamlakat o‘rtasida eksport va tovarlar tranzitini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Tomonlar iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va uzoq muddatli hamkorlik uchun amaliy platformalar yaratish istagini bildirdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston savdodagi muammolarni tizimli hal qilish mexanizmini joriy etishi haqida xabar berilgandi. Mamlakatlar tovar ayirboshlashni bir necha milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Izohlar