Speedtest Global Index ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston mobil va simli internet tezligi reytingida bir vaqtning o‘zida bir nechta pozitsiyalarni yo‘qotib, pastlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mobil internet tezligi reytingida mamlakat noyabr oyiga nisbatan besh pog‘ona pastlab, 76-o‘rinni egallagan. Mobil internet tezligi 51,47 Mbit/s deb baholanmoqda.

Shuningdek, simli internet tezligi reytingida ham olti pog‘ona pastga tushdi. Dekabr oyida O‘zbekiston 83-o‘rinni egalladi: o‘rtacha tezlik — 90,94 Mbit/s. Shu bilan birga, eng tez mobil internet BAAda — 691,76 Mbit/s. Simli internetning eng yaxshi tezligi Singapurda qayd etildi — 410,06 Mbit/s.

Avvalroq O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali suvosti aloqa liniyasiga ulanmoqchi ekani xabar qilingandi. Mamlakat internet trafigining muqobil yo‘nalishiga ega bo‘lishi mumkin.