O‘zbekiston G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi kelishuvni olqishladi
Mamlakat TIV o‘t ochishni to‘xtatish tomonlar o‘rtasida xavfsizlik va barqaror yashashni kafolatlaydigan uzoq muddatli siyosiy kelishuv sari qadam bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

O‘zbekiston TIV Donald Tramp ko‘magida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini olqishladi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Diplomatlar zo‘ravonlikka tez fursatda barham berish, gumanitar inqirozni yumshatish va siyosiy muloqotni qayta tiklash uchun zamin yaratadigan ushbu muhim jarayonda muhim rol o‘ynagan Misr, Qatar va Turkiyaning muvofiqlashtirilgan faoliyatini yuksak qadrlashlarini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Yaqin Sharqda xalqaro huquq normalari va BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga asoslangan mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishi tarafdori ekani ta’kidlandi.
O‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar o‘rtasida xavfsizlik, barqaror yashash va ishonchni tiklashni kafolatlaydigan uzoq muddatli siyosiy kelishuv sari qadam bo‘lishi kerakligiga ishonch bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik, barqarorlik va gumanitar yengilliklarga erishishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarga bundan buyon ham amaliy ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqlaydi.
Avvalroq Mirziyoyev Qatar amiri bilan qo‘ng‘iroqlashib, Isroilning Dohaga bergan zarbasini qoralagani haqida xabar berilgandi. Prezident O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekanini eslatdi.
Izohlar