O‘zbekiston Erondan vatandoshlarni evakuatsiya qilishni boshladi
Turkmaniston jarayonga ko‘maklashmoqda.

O‘zbekiston hukumati Isroil tomonidan o‘qqa tutilishi fonida Erondan vatandoshlarini qaytarishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Evakuatsiya Turkmaniston hududi orqali amalga oshirilmoqda, qo‘shni respublika tranzit va gumanitar yordam bo‘yicha katta yordam ko‘rsatdi. Chegara postlari, vokzal va aeroportlarda qulay sharoitlar yaratilib, tezkor va xavfsiz evakuatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ko‘rsatmasiga muvofiq mamlakatimizning Tehron va Ashxoboddagi diplomatik vakolatxonalarida kecha-yu kunduz ishlaydigan tezkor shtablar tashkil etildi. Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini Turkmaniston orqali vatanga qaytarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash uchun doimiy aloqa va muvofiqlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchixonasi Turkmaniston rasmiylari bilan hamkorlikda fuqarolarni chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda ularni vatanga qaytarish jarayonini samarali tashkil etmoqda.
Bugungi kunga qadar 60 ga yaqin fuqarolar Erondan Turkmaniston orqali O‘zbekistonga qaytarildi.
“Hech bir O‘zbekiston fuqarosi e’tibordan chetda qolmaydi — ularni vatanga qaytarish uchun barcha zarur choralar ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq o‘zbekistonliklardan Isroil va Eron mojarosini dinlar va e’tiqodlar to‘qnashuvi sifatida qabul qilmaslik so‘ralgandi. Fuqarolarga xotirjamlik va hushyorlikni saqlash, ishonchli manbalarga asoslangan vazmin pozitsiyani egallash tavsiya etilgan.
Izohlar