Moskvada keksa erkak migratsiya markazida vafot etdi
O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari erkakning o‘zbekistonlik ekanini rad etdi.

15-may kuni Moskvadagi migratsiya markazida hujjatlarni olish uchun bir necha soat navbatda turgan xorijlik vafot etdi. O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi vaziyatni o‘rganib chiqdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, xorijliklar Varshava shossesidagi markazga yetib kelishgan, tushga yaqin ular qichqiriqlarni eshitishgan: ikki kishining tobi qochib, hushini yo‘qotgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar keksa erkak kislorod yetishmasligi oqibatida vafot etganini qayd etishgan. Shuningdek, o‘zbekistonliklar markaz yopilgunga qadar navbatda turganliklarini aytishdi. Ularni hatto binoga ham kiritishmadi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, erkakning yurak xuruji sodir bo‘lganini aniqladi. Tekshiruvlar natijasida marhumning Tojikiston fuqarosi ekanligi aniqlangan. Ushbu ma’lumotni Tojikistonning vakolatli organlari ham rasman tasdiqladi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan mas’ul idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston Rossiyada mehnat muhojirlari huquqlariga rioya qilinishidan xavotirda ekani xabar qilingandi. Respublika Tashqi ishlar vazirligida masalani o‘rganish va O‘zbekiston pozisiyasini Rossiya vakolatli organlariga yetkazish uchun Rossiya elchisi bilan muzokaralar olib borildi.
Izohlar