Misrda o‘zbek traktorlariga qiziqish bildirildi
Qishloq xo‘jalik texnikasi kelajakda Afrika, Yevropa va Yaqin Sharqning o‘nlab mamlakatlarini zabt etishi mumkin.

O‘zbekiston elchixonasi O‘zbekiston va Misr ishbilarmon doiralari vakillarining muzokaralarini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari hamda uni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining yuqori sifati va raqobatbardoshligiga alohida e’tibor qaratildi.
Misrlik mutaxassislar qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston texnologiyalaridan foydalangan holda Misrda traktorlarning to‘liq ishlab chiqarish siklini yaratish, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikasini Afrika qit’asi bozorlariga eksport qilishni tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida tomonlar AgroTech Cluster ishchi guruhining kichik hajmli traktorlar, turli qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ishlab chiqaruvchi Tanta Motors kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun 2025-yil iyul oyida Misrga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar. Kompaniya mahsulotlari Afrika, Yevropa va Yaqin Sharqning 20 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston ishlab chiqarishni Misrda yo‘lga qo‘yib, tovarlarni Afrikaga sotish niyatida ekani xabar qilingandi. Mamlakat erkin iqtisodiy zonalarda to‘qimachilik, maishiy va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaradi.
Izohlar