Mirziyoyev Vengriya va Sloveniyaga tashrif buyuradi — tashrifdan maqsad
Prezident safarda bir necha kun bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 19—22-may kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriya va Sloveniyaga boradi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Maʼlumotlarga koʻra, O‘zbekiston yetakchisi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan 19-may kuni Budapeshtga keladi. Oliy darajadagi muzokaralar, Vengriya rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Kun tartibidan ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Davlat rahbari 21-may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Lyublyana shahrida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan uchrashadi, ushbu mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, farmatsevtika, sanoat, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Izohlar