Mirziyoyev AN-24 samolyoti halokati munosabati bilan Putinga hamdardlik bildirdi
Prezident marhumlarning oilalariga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Shavkat Mirziyoyev Amur viloyatida yo‘lovchi samolyoti halokatga uchrashi oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari samolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 24-iyul kuni Rossiyaning Amur viloyatida bortida 43 yo‘lovchi, jumladan, 5 nafar bola bo‘lgan An-24 samolyoti halokatga uchradi. Aviahalokat versiyalari sifatida murakkab ob-havo sharoitida ekipajning xatosi va samolyotning texnik nosozligi ko‘rib chiqilmoqda. Mahalliy favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, “Xabarovsk—Blagoveshchensk—Tinda” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reysni amalga oshirayotgan “Angara” aviakompaniyasi samolyoti birinchi martadan qo‘na olmay, ikkinchi aylanishga ketgan.
Shundan so‘ng samolyot radarlardan g‘oyib bo‘lgan va aloqaga chiqmay qo‘ygan — u belgilangan aeroportdan 15 kilometr uzoqlikda qulagan. Yarim kilometr masofaga sochilib ketgan samolyot bo‘laklari tog‘ yonbag‘rida topilgan, shu sababli qulagan joyga qo‘nish mumkin emas —qutqaruvchilar vertolyotlardan arqonlarda tushishni rejalashtirmoqda. Tergov boshlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izohlar