Mirziyoyev, Aliyev va Berdimuhamedov Turkmanistonda uchrashdi — asosiylar
Prezidentlar va Xalq Maslahati Raisining muzokaralaridan so‘ng Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

«Avaza» milliy turizm zonasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari so‘zining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi. O‘zbekiston prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qutladi.
Davlat rahbari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi. Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi. Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi. Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi qayd etildi.
O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi. Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi. Bu — o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash masalalaridir.
O‘zbekiston tomoni asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, konsolidatsiyalashgan yondashuv logistika infratuzilmasini rivojlantirishda potensial donorlar bo‘lgan davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishga qiziqish bildirdi. Energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasini istiqbolli deb atadi. An’anaviy uglevodorodlar bo‘yicha Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif qilindi.
Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirishni tomonlar yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etdilar. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo hajmi 2 barobar oshdi. Tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 40 foizga yetdi.
Shuningdek, barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimlash markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy etish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutuvchi kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif etildi.
Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida tomonlar mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarning boy madaniy merosi, an’ana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlar bo‘yicha uch tomonlama dastur qabul qilishni taklif etdilar.
Yakunda davlatimiz rahbari ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi. Bundan tashqari, uchrashuvda tomonlar Qo‘shma bayonot qabul qildilar, shuningdek, yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, Tovar-xomashyo birjalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqalar imzolandi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. BMT Konferensiyasi yakunlari bo‘yicha Turkmanistonda Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.
Izohlar