Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urush yakunlandi
Tomonlar AQSH vositachiligida tinchlik shartnomasini tuzdi.

24-iyun kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasi mamlakat AQSH prezidenti Donald Trampning Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lganini tasdiqladi, deb yozadi Reuters.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Isroil va Eron «to‘liq va keng qamrovli» yarashuv to‘g‘risida kelishuvga erishganini, bu ikkala tomonning joriy operatsiyalari yakunlanganidan taxminan olti soat o‘tgach boshlanishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
“Eron rasman sulh boshlaydi, 12 soatdan keyin Isroil sulh boshlaydi, 24 soatdan keyin esa dunyo 12 kunlik urushning rasman yakunlanishini olqishlaydi. Har bir sulh paytida boshqa tomon tinch bo‘lib qoladi”, — deya ta’kidladi Tramp.
U har ikki davlatni Yaqin Sharq uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ko‘p yillik urushga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan mojaroni tugatishga imkon bergan “chidamlilik, jasorat va donolik” uchun tabrikladi. Keyinroq Tramp Isroil va Eron o‘rtasidagi sulh kuchga kirganini aytib, tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi fonida o‘zbekistonliklar Isroil va Eronga bormaslikka chaqirilgandi. Ushbu mamlakatlardagi vatandoshlardan xavfsiz hududlarga yetib borish so‘ralgan.
Izohlar