Isroil chet ellik sayyohlar uchun ro‘yxatdan o‘tishni yo‘lga qo‘ydi
O‘zbekiston Turizm vazirligi yordamga muhtoj sayyohlarni aniqlash uchun aloqada bo‘lib turibdi.

Isroilda mamlakatni tark etish istagida bo‘lgan xorijlik sayyohlarni ro‘yxatga olish tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston elchixonasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga olish Isroil Turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Ariza topshirish uchun maxsus onlayn shaklni to‘ldirish, ism, telefon raqami va elektron pochtani ko‘rsatish kerak. Olingan barcha ma’lumotlar raqamli reestrda saqlanadi va faqat zarurat tug‘ilganda Isroil Milliy xavfsizlik kengashi va Transport vazirligiga aviakompaniyalar bilan muvofiqlashtirish uchun taqdim etilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ayni paytda mamlakat hududida 38 mingga yaqin sayyoh bor. Iordaniya va Misr bilan barcha quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlari ochiq bo‘lganligi sababli, ko‘plab sayyohlar ular orqali chiqishni tanlashadi. Shuningdek, ular uchun 24/7 rejimida ishlaydigan virtual axborot ofisi ochildi.
Bundan tashqari, Turizm vazirligi yordamga muhtoj sayyohlarni topish uchun mehmonxonalar va boshqa muassasalar bilan aloqada bo‘lib turadi.
Avvalroq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Eron va Isroil elchilari bilan uchrashgani xabar qilingandi. Tomonlar mintaqaviy muammolar, jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashgan.
Izohlar