Dunyo

Ifloslangan havo har yili 4,5 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ladi — tadqiqot

Olimlarning ogohlantirishicha, yong‘inlar zaharli zarrachalarning tarqalishini kuchaytiradi va dunyodagi sanoqli shaharlargina havo sifati bo‘yicha JSST me’yorlariga javob beradi.

Фото: ситуативное

Sayyoramizdagi milliardlab odamlar ifloslangan havodan nafas oladi va bu yiliga 4,5 milliondan ortiq bevaqt o‘limga sabab bo‘ladi. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) ning yangi tadqiqotida aytiladi.

Ilmiy xodim Lorenso Labradorning so‘zlariga ko‘ra, Pireney yarim orolidagi keng ko‘lamli yong‘inlarning tutuni va zararli moddalari allaqachon G‘arbiy Yevropaga yetib borgan va qit’a bo‘ylab tarqalishi mumkin. Uning qayd etishicha, havo sifatining yomonlashuvi global tahdidga aylanib bormoqda.

JMT ifloslanishga qarshi kurash choralari haqiqatan ham ishlayotganini eslatadi. Global atmosfera bo‘limi rahbari Paolo Lay bog‘larning yaratilishi, ommaviy daraxt ekilishi va transportning elektr energiyasiga o‘tkazilishi vaziyatni sezilarli darajada yaxshilagan Shanxayni misol qilib keltirdi.

Dunyodagi sanoqli shaharlargina Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining havo sifati bo‘yicha tavsiyalariga mos keladi. Bu ifloslanish inson salomatligi uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi, — dedi Lay.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, o‘rmon yong‘inlari xavfli zarrachalarni uzoq masofalarga, ayniqsa yong‘inlar ko‘p sodir bo‘ladigan hududlarda tarqatish orqali muammoni yanada kuchaytiradi.

Avvalroq 1980-yildan 2020-yilgacha havo ifloslanishi 135 mln kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Bangladesh, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Pokiston va Yaponiya kabi mamlakatlar aholisi eng ko‘p zarar ko‘rgan. Tadqiqot davomida olimlar havoning PM2.5 mikrozarrachalari bilan ifloslanishi insult, onkologik kasalliklar, yurak va o‘pka kasalliklari kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri bo‘lganini aniqladilar.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная