Finlyandiya prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Stubb bilan rejalarni muhokama qildi

9-sentyabr kuni O‘zbekiston va Finlyandiya prezidentlari telefon orqali muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Stubb O‘zbekiston-Finlyandiya ko‘p qirrali hamkorligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda, Finlyandiya prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik doirasida yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Tashrifning aniq sanasi belgilanmagan.
2024-yilda tovar ayirboshlash 24 foizga oshdi. 2022-yildan mamlakatimizda Finlyandiyaning “Nordik” universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari orasida qishloq xo‘jaligi, kimyo, energetika, qazib olish, telekommunikatsiya va boshqa innovatsion tarmoqlar, jumladan, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ham bor.
Aniq loyihalarni tayyorlash uchun Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish taklif qilindi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Nizolarni xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq Farg‘ona maktablarida fin tili o‘qitila boshlanishi haqida xabar berilgandi. Mahalliy byudjetdan bir milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Izohlar