Dunyo

Diplomatlar Turkiyadagi diniy maktabda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar orasidan o‘zbekistonliklarni qidirmoqda

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 24 nafar o‘smir qurbonga aylangan.

Diplomatlar Turkiyadagi diniy maktabda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar orasidan o‘zbekistonliklarni qidirmoqda

O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi Istanbuldagi diniy ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar orasida o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligini tekshirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Baxchelievler tumanidagi Diniy ishlar boshqarmasiga qarashli o‘quv markazlaridan birida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 24 nafar o‘smir zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Avvalroq O‘zbekiston tomoni faoliyati rasman ro‘yxatdan o‘tmagan noqonuniy diniy muassasalarda voyaga yetmagan vatandoshlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlarini qayd etgan edi.

Tekshiruvlar natijasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ayrim shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishga muvaffaq bo‘ldi. Shu munosabat bilan diplomatlar ushbu vaziyatda ham tekshiruv o‘tkazishni boshladilar. Bosh konsulxona mahalliy ma’muriy organlar orqali ma’lumotlarni o‘rganadi.

Shuningdek, diplomatlar Istanbulda yashovchi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, ota-onalarni o‘z farzandlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan xorijiy diniy maktablarga yubormaslikda alohida ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Bundan tashqari, shubhali ta’lim muassasalari faoliyati yoki bolalar huquqlari buzilishi haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar zudlik bilan diplomatik vakolatxonaga murojaat qilishga chaqirildi.

Avvalroq Turkiyada fohishalikda ayblangan uch nafar o‘zbekistonlik ayol deportatsiya qilingani haqida xabar berilgandi. Politsiya reydlari doirasida yuzdan ortiq odam qo‘lga olindi.

Izohlar

Mavzuga oid