AQSH viza so‘rovchilarning ijtimoiy tarmoqlarini tekshiradi
Foydalanuvchilar sahifalarida AQSH fuqarolariga nisbatan dushmanlik munosabatini ifodalovchi yozuvlar maqbul hisoblanmaydi.

Oq uy xabar berishicha, AQShga viza uchun murojaat qilgan barcha chet elliklar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari tekshiruvdan o‘tkaziladi. AQSH fuqarolari, madaniyati va institutlariga qarshi qaratilgan fikrlar nazorat qilinadi, deb yozmoqda TASS.
Amerika tomoni ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Amerika fuqarolari, madaniyati, hukumati, institutlari yoki asosiy tamoyillariga dushmanlik munosabatini ifodalovchi yozuvlar bor-yo‘qligini tekshiradi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt tekshiruvlarni kuchaytirish to‘g‘risidagi farmonni Donald Tramp o‘z prezidentligining birinchi haftasidayoq imzolaganini eslatib o‘tdi.
“Bu barcha chet el vizalariga tegishlimi? Ha, bilganingizdek, Donald Tramp farmon imzoladi. Menimcha, bu uning prezidentligining birinchi haftasida imzolagan dastlabki farmonlaridan biri edi. U Qo‘shma Shtatlarda barcha vizalar uchun tekshiruv talablarimizni va tizimimizni kuchaytirish maqsadida imzolangan. U buni davlat kotibiga topshirgan edi. Hammangizga ma’lumki, so‘nggi paytlarda ushbu tekshiruv jarayonida, ayniqsa ba’zi davlatlardan kelgan talabalarga nisbatan biroz tanaffus bo‘ldi. Ammo tekshiruv davom etmoqda va hozir u har qachongidan ham qat’iyroq”, — dedi matbuot kotibi.
AQSH diplomatik vakolatxonalari terrorizmni qo‘llab-quvvatlash, antisemitizm va milliy xavfsizlikka tahdidlarni aniqlashlari shart. May oyida xavfsizlik tartiblari qayta ko‘rib chiqilgani sababli talabalar vizalarini berish ham to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Izohlar