Donald Tramp ma’muriyati 21-yanvardan boshlab 75 ta davlat fuqarolari uchun immigratsiya vizalari uchun arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatadi, bu Davlat departamentining ichki memorandumidan kelib chiqadi, deb yozadi Fox News.

Cheklovlar viza tartib-qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, shu jumladan xavfsizlik tekshiruvlari va AQSH ijtimoiy tizimiga yuklama xavfini baholash mezonlarini kuchaytirish davrida joriy etilmoqda.

Chora vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lib, protseduralarni qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq. Amaldagi vizalar avtomatik ravishda bekor qilinmaydi. AQSH hududida bo‘lgan va maqomini o‘zgartirishni rasmiylashtirayotgan arizachilar uchun qoidalar boshqacha bo‘lishi mumkin, chunki ularning ishlarini konsullik xizmati emas, balki immigratsiya idorasi ko‘rib chiqadi.

Aynan nima to‘xtatiladi?

AQShdan tashqaridagi chet elliklar uchun barcha immigratsiya vizalarini, ya’ni doimiy yashash uchun ruxsatnoma (grin-karta) olishga olib keladigan toifalarni rasmiylashtirish to‘xtatiladi:

  • oilaviy immigratsiya;
  • ish orqali immigratsiya (shu jumladan “iste’dodlar vizasi”);
  • alohida gumanitar immigratsiya dasturlari (mumkin bo‘lgan istisnolar bilan);
  • butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda ham grin-karta (DV) lotereyasi bo‘yicha vizalarni konsullik rasmiylashtiruvi allaqachon to‘xtatilgan.

O‘zbekiston fuqarolari uchun turistik, talaba, almashinuv, vaqtinchalik ishchi, tranzit va diplomatik Amerika vizalarini berish davom ettiriladi.

Ro‘yxatda Afg‘oniston, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston alohida ajralib turadi. Qolgan davlatlar Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo, Amerika va Okeaniya mintaqalaridan iborat.

Amerika ommaviy axborot vositalarining nashrlari AQSH Davlat departamenti hujjatining sizib chiqishiga asoslanadi, rasmiy ma’lumotlar tasdiqlanmagan. MDH va postsovet hududi davlatlari orasida Rossiya, Belarus, Moldova, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, shuningdek, O‘zbekiston va unga qo‘shni Afg‘oniston bor.

Shuningdek, Yevropa davlatlari ham ko‘rsatilgan: Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Kosovo, Shimoliy Makedoniya va Chernogoriya. Ro‘yxatning katta qismini Afrika, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi mamlakatlari tashkil etadi.

Avvalroq rasmiy Toshkent o‘z fuqarolari uchun AQSH bilan viza rejimini soddalashtirishga erishishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi, transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi “viza rejimini liberallashtirish uchun shart-sharoitlar” yaratganini aytgandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2026-yildan boshlab AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilishini bir tomonlama e’lon qildi.