Afg‘onistonda ayollar yozgan kitoblar taqiqlana boshlandi
Shuningdek, eronlik mualliflarning yoki Eronda nashr etilgan kitoblar ham taqiqqa uchradi.

Afg‘onistonda universitetlar o‘quv dasturidan ayollar tomonidan yozilgan kitoblar chiqarib tashlandi, deb yozadi BBC.
Ma’lumotlarga ko‘ra, toliblar oliy o‘quv yurtlariga shariatga zid bo‘lgan 18 ta o‘quv fanini o‘qitishni, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik mavzusini taqiqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, “shariatga zid mazmundagi” 679 ta kitobdan 140 ga yaqini ayollar tomonidan yozilgan. Ular orasida, masalan, “Kimyoviy laboratoriyada xavfsizlik” nomli kitob bor.
Taqiq ayollarga bag‘ishlangan universitet fanlariga ham ta’sir ko‘rsatdi: o‘n sakkizta taqiqlangan fanlardan oltitasi aynan shu mavzuga tegishli — ular orasida “Gender va rivojlanish”, “Muloqotda ayollarning roli” va “Ayollar sotsiologiyasi” bor. O‘quv materiallarini qayta ko‘rib chiqish qo‘mitasi a’zosi ayollar tomonidan yozilgan kitoblar taqiqlanganini tasdiqladi.
Eronlik mualliflarning yoki Eronda nashr etilgan kitoblari ham taqiqqa uchradi. Afg‘onistonning barcha universitetlariga yuborilgan 50 sahifali ro‘yxatda 679 nom qayd etilgan bo‘lib, ulardan 310 tasi eronlik mualliflar tomonidan yozilgan yoki Eronda nashr etilgan.
Mamlakat Oliy ta’lim vazirligi akademik direktori o‘rinbosari Ziyaur Rahmon Aryubi universitetlarga yo‘llagan maktubida bu qaror bir guruh diniy ulamolar va ekspertlar tomonidan qabul qilinganini yozgan.
Izohlar