Afg‘oniston o‘zbek charm poyabzallarini millionlab dollarga sotib oladi
O‘zbekiston vakillari mahalliy yirik kompaniyalar va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston 9,5 mln dollarlik charm poyabzal yetkazib berishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilot vakillari Afg‘oniston va mamlakatning tarmoq korxonalarida bo‘lgan, shuningdek, mahalliy yirik kompaniyalar va tadbirkorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazgan. Xususan, tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Natijada Afg‘oniston bozoriga turli rusumdagi charm poyabzallarni yetkazib berish bo‘yicha Afg‘onistonning «AFGAN CYBER» kompaniyasi va O‘zbekistonning «KASHIF FERGHANI LTD» kompaniyasi o‘rtasida 9,5 mln dollarlik shartnoma imzolanishiga erishildi.
Shuningdek, tashrif davomida assotsiatsiya vakillari Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi uchun maxsus poyabzal yetkazib beruvchi AYSAN afg‘on kompaniyasi rahbari Ahmad Aymal bilan uchrashdi. Kompaniya rahbari o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga qiziqish bildirdi va yaqin kelajakda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston delegatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar Toshkent investisiya forumi doirasida uchrashuv o‘tkazdi.
Izohlar