O‘zbekiston fuqarosi Rossiya fuqaroligi va shaxsiy manfaatlari uchun Ukrainadagi mojaroda ishtirok etgani uchun sudlandi
Sud jinoyatning g‘arazli maqsadlarini og‘irlashtiruvchi holat deb topdi.

O‘zbekistonda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan shaxs Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli mojaroda ishtirok etganlikda aybdor deb topildi, deb yozadi “Gazeta.uz” sud hukmiga tayanib.
2021-yil may oyida o‘zbekistonlik mehnat migratsiyasi uchun Sankt-Peterburgga jo‘nab ketgan. 2024-yil yanvar oyida u Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani uchun hibsga olingan. U jazodan qutulib qolish, Rossiya fuqaroligini olish va boshqa shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, o‘z ixtiyori bilan Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari safiga qo‘shilgan.
U Leningrad viloyati Viborg tumanidagi Kamenka posyolkasida joylashgan harbiy qismga olib ketilgan. Keyinchalik u Ukraina bilan chegara yaqinidagi jangovar hududlarda, xususan, qal’a inshootlari, jumladan, blindajlar qurilishiga jalb qilingan. U 2025 yil 10 yanvar kuni “Gʻishtko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga qaytgan.
Sud aybni to‘liq tan olish, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish va sudlanmaganlikni yengillashtiruvchi holatlar deb topdi. Shu bilan birga, jinoyat tamagirlik niyatida sodir etilganligi og‘irlashtiruvchi holat sifatida kvalifikatsiya qilindi.
U Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jazoni o‘tash davrida u yashash joyini faqat ishga borish va qaytish uchun tark etish huquqiga ega.
Avvalroq O‘zbekiston Ukrainada jang qilayotgan ming nafar fuqaro haqidagi ma’lumotlarni tekshirishi xabar qilingandi.
Izohlar