Gulnora Karimovaning qaytarilgan pullar bo‘yicha menejeri “Ishonch” jamg‘armasi uch yillik faoliyati davomida ikki mln dollar sarfladi
Jamg‘arma rahbariyati pullar qayerga yo‘naltirilganiga javob bermadi.

Gulnora Karimovaning O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan pullarini tasarruf qiluvchi “Ishonch” jamg‘armasi 3 yillik faoliyati davomida 2 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Bu haqda fond Maslahat kengashi a’zosi, NeMolchi loyihasi asoschisi Irina Matviyenko ma’lum qildi.
Fond sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Fond Kotibiyatini saqlash xarajatlari 2 million dollardan ortiqni tashkil etgan. Jamg‘arma rahbari Yonas Astrupning javob berishicha, Jamg‘arma 2022-yilda tashkil etilganida, boshqaruv qo‘mitasi yillik byudjeti 1 136 092 dollar bo‘lgan Kotibiyat loyihasini tasdiqlagan. Biroq, butun byudjet har yili ishlatilmaydi, aslida, jamg‘arma atigi ikki yillik byudjet ekvivalentidan foydalanib ishlaydi, ya’ni birgina 2024-yil uchun emas, balki 2022-2023-2024-yillar uchun jamg‘arma kotibiyatini saqlash uchun 2 million dollar sarflangan.
Ushbu davr uchun ko‘rsatilgan xarajatlarni tasdiqlovchi moliyaviy hujjatlarni yuborishni so‘radim. Oylik vedomostlari, kontraktlar va hokazo. So‘rovimga javob kelmadi — Jonas BMTning xaridlar bo‘yicha saytiga qarashni taklif qildi (u yerda meni qiziqtirgan barcha ma’lumotlar aniq yo‘q).
“Bugun u Jamg‘arma kotibiyati moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanmasligini aytdi. Bu Shveysariya hukumati bilan Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish bo‘yicha shartnoma imzolagan ma’muriy agentning mas’uliyatidir. Jamg‘armani boshqarish bo‘yicha qo‘mita bilan uchrashuv tashkil etishni taklif qildi. Nazarimda, bu xarajatlarni tasdiqlovchi barcha hujjatlar taqdim etilgandan keyingina bunday uchrashuv o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Shunda aniqroq gapirish mumkin bo‘ladi. Biroq hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha so‘rovlarim hozircha javobsiz qolmoqda va ular bizga taqdim etiladimi yoki yo‘qmi, tushunmayapman”, — dedi Irina Matviyenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqiga tegishli pullarning sarflanishi bo‘yicha e’lon qilingan shaffoflik shu qadar pastki, tanlangan fuqarolik jamiyati vakillarida hatto jamg‘arma kotibiyati xarajatlari haqida ham to‘liq ma’lumot yo‘q.
2 mln dollardan ko‘pi juda katta pul, hatto 3 yilda sarflangan bo‘lsa ham. Taqqoslash uchun: Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlariga beradigan grantlari uch yilga 300-400 ming yevroni tashkil etadi. Xodimlar soni va vazifalar doirasi NNT loyihalariga qaraganda ancha kam bo‘lgan Fond Kotibiyati esa mutlaqo shaffof bo‘lmagan holda 3 yil ichida 5-6 baravar ko‘p mablag‘ sarflaydi.
“Bu Shveysariyaning puli emas. Bu BMTning puli emas. Bu O‘zbekiston xalqining puli va u O‘zbekiston xalqiga iloji boricha shaffof tarzda sarflanishi kerak. Xalq har bir syent nimaga ketayotganini bilishga haqli. Hozircha bu shaffoflik biz uchun ham yo‘q”, — dedi Matviyenko.
Avvalroq Gulnora Karimovaning musodara qilingan pullari qayerga sarflanishi ma’lum qilingandi. Rasmiylar millionlab dollarlarni muhim sohalarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
Izohlar