Toshkent aholisi pulli avtoturargohlardan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi
Barcha tafsilotlar va poytaxt hokimining rasmiy qarori noyabr oyida e’lon qilinadi.

Toshkentda ko‘p qavatli uylar aholisi endi bepul to‘xtab turishi mumkin, deb xabar bermoqda Poytaxt Parking matbuot xizmati.
Pulli avtoturargohlarda rezidentlik shartnomalari joriy etilmoqda. Endi ushbu hududlar aholisi uchun dushanbadan jumagacha kechki soat 20:00 dan ertalabki 08:00 gacha, dam olish kunlari (shanba va yakshanba) va bayram kunlari avtoturargoh bepul bo‘ladi. Rezidentlik shartnomasini qanday rasmiylashtirish, shuningdek, barcha tafsilotlar va rasmiy qaror noyabr oyida e’lon qilinadi.
Muayyan ko‘chalarda harakat zichligidan kelib chiqib, vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin. Bunday cheklovlar kuchga kirganda ehtiyot choralarini ko‘rishingizni so‘raymiz. Shu bilan birga, rezidentlik shartnomalari kuchga kirgunga qadar faqat rasman tasdiqlangan ma’lumotlarga amal qilishingizni so‘raymiz. Rezidentlik kelishuvlari tasdiqlanishi bilan sizga qo‘shimcha ravishda xabar beramiz, — deyiladi xabarda.
Avvalroq hozirda YIDXP bilan rezidentlik ruxsatnomalarini elektron shaklda olish bo‘yicha integratsiya ishlari olib borilayotgani haqida xabar berilgandi. Jarayonlarni 2025-yil noyabrgacha yakunlash rejalashtirilgan. Keyinchalik shahar hokimi ruxsatnoma berish tartibi, amal qilish muddati, ruxsatnoma olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar toifasi va taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxati aniq belgilangan hujjatni qabul qiladi.
Izohlar