Taksi haydovchilariga faqat o‘z va qo‘shni hududlarda ishlashga ruxsat berildi
Cheklovlar jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmadi, Transport vazirligi o‘zgarishlar va ularning maqsadiga izoh bermadi.

O‘zbekistonda taksi haydovchilari o‘zining va qo‘shni hududlardan boshqa hududlarda ishlashi mumkin bo‘lmagan tartib amal qilmoqda. Transport vazirligi bunday tartib kecha paydo bo‘lmaganini ma’lum qildi. “Gazeta.uz” matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning so‘zlarini keltirmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda taksi haydovchilariga litsenziya beruvchi tashkilot endilikda ularni rasmiylashtirishda haydovchining ro‘yxatdan o‘tgan hududini hisobga olishi haqida xabarlar tarqalgandi.
“Ko‘pchilik hozir “Litsenziya olamiz, Toshkentda ishlaymiz”, desa, ularga rad javobi berilmoqda. Haydovchi litsenziya oladigan bo‘lsa, o‘zining hududida ishlaydigan qilib qo‘yishibdi. Misol uchun 01 — Toshkent nomeri. Ular Toshkentda ishlaydi. Andijonliklar Andijonda, qoraqalpog‘istonliklar Qoraqalpog‘istonda, qashqadaryoliklar Qashqadaryoda”, — deyiladi xabarda.
Transport vazirligi bunday tartib haqiqatan ham mavjudligi va hozirda qo‘llanilayotganini ma’lum qildi.
“Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2011-yilda qabul qilingan yo‘nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qarorida qayd etilgan. O‘sha qaror bilan tasdiqlangan nizomda yo‘nalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qo‘yilgan talablar bor. O‘sha nizomning 5-bob 9-bandida haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshiriladi deb yozilgan. Bu qaror hozir o‘zining kuchini yo‘qotgan. Mazkur qaror o‘rnini bosuvchi 2025-yilda chiqqan qarorga ko‘ra, haydovchining o‘z hududida, ya’ni litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qo‘yildi. Bu oldindan bo‘lgan narsa va allaqachon kuchga kirib bo‘lgan”, — deydi vazirlik vakili.
Ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotdi, uning o‘rniga 2025-yilda qabul qilingan yangi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, haydovchi faoliyatni faqat litsenziyada ko‘rsatilgan hududda va unga tutash hududlarda amalga oshirishi mumkin.
Misol: Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan 01-kod bilan boshlanuvchi davlat raqamiga ega bo‘lgan avtomobil Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hududida taksi faoliyatini amalga oshirishi mumkin. 10-raqamli haydovchi — Toshkent viloyati — Toshkent, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida ham ishlashi mumkin.
Navro‘z Ashurmatovning so‘zlariga ko‘ra, gap aynan tegishli hudud ichida taksilarni taqiqlash, ya’ni hudud ichida A nuqtadan B nuqtaga tashish haqida ketmoqda. Shu bilan birga, samarqandlik haydovchi mijozni boshqa hududga olib borishi mumkin, lekin o‘sha hudud ichida ishlay olmaydi.
Qayd etilishicha, yangi tartib jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan, Transport vazirligi ilgari o‘zgarishlar va ularning maqsadi haqida izoh bermagan.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov taksichilar faoliyatiga qo‘yilgan yangi cheklovlarni tanqid qildi. Uning fikricha, bunday choralar nafaqat Toshkentdagi tirbandlik muammosini hal qilmaydi, balki fuqarolarning asosiy huquqlariga ham ziddir.
“Ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan gaplar rost bo’lsa, Toshkentdagi tirbandliklar masalasini xato yo’l bilan yechmoqchi bo’lishyapti, shekilli. Muammo talabda, taklifda emas. Toshkentda ko’p avtomobillarga talab bor, ko’p odamlar esa bu talabni qondiradi”, — deb yozdi Hoshimov.
Uning ta’kidlashicha, boshqa mamlakatlarda ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytirish uchun boshqa ta’sirchan choralar qo‘llaniladi: pullik to‘xtash joylari, jamoat transportiga sarmoya kiritish yoki ma’lum soatlarda pullik qatnovni joriy etish. Iqtisodchi bunday cheklovlarning qonuniyligini shubha ostiga qo‘ydi.
Bu asosiy va konstitutsiyaviy huquqlar masalasidir. Agar insonning kelib chiqishi tufayligina boshqa hududlarda ma’lum bir faoliyat turi taqiqlansa, bu uning konstitutsiyaviy huquqlarining buzilishi hisoblanadi. O‘zbekiston fuqarolari mamlakatning istalgan joyida yashash va ishlash huquqiga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.
“Yana bir mental eksperiment: agar viloyatlararo cheklov to’g’ri deb o’ylasangiz nega unda tumanlar aro cheklov xato narsa deb o’ylaysiz? O’ylab ko’ring, Qashqadaryolik haydovchi Toshkentda ishlamasligini oqlashga ishlatilgan mantiqni Yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlamasligiga yoki, Chinozlik haydovchi Yangi Yo’lda ishlashi mumkin emasligiga qo’yib ko’ring. Ahmoqona eshitiladi-a? Bir respublika ichidagi cheklovlar ham xuddi shunday eshitiladi. Ular mantiqsiz”, — dedi iqtisodchi.
Hoshimov Rossiya yoki AQSH kabi davlatlarda turli hududlardan kelgan haydovchilar megapolislarda bemalol ishlashini eslatib o‘tdi.
Avvalroq taksi haydovchilariga avtoturargohlarga bepul kirish va belgilanmagan joylarda to‘xtashga ruxsat berilishi haqida xabar berilgan edi. Imtiyozdan hamma ham foydalana olmaydi.
Izohlar