O‘zbekistonda avtomobil narxlarini optimallashtirishmoqchi
Rasmiylar narxni mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlardan tekshiradi.

O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlarda avtomobillar narxlarini tahlil qilish, tadqiqotlar natijalariga ko‘ra ularni optimallashtirish va tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishmoqchi, deb yozadi “Gazeta.uz” JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya yig‘ilishi bayonnomasiga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kun tartibidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan avtomobillarning muvofiqligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirish masalasi o‘rin olgan.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hisobotiga ko‘ra, hozirda avtomobillarning muvofiqligini baholash Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 237-sonli qarori bilan tasdiqlangan texnik reglament asosida amalga oshiriladi. Unda transport vositasining turi tasdiqlanishi kerak bo‘lgan 62 ta ko‘rsatkich nazarda tutilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ulardan faqat 25 tasini sinovdan o‘tkazish mumkin. Qolganlari 1958-yilgi Jeneva kelishuvi protokollari bo‘yicha tan olinadi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab yangi import qilingan avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish talabi bekor qilindi. Bu shaxsiy ehtiyojlar uchun avtomobillarni olib kirishda baholash ko‘rsatkichlari sonini 62 tadan 14 tagacha qisqartirish imkonini berdi. 2024-yil 1-noyabrdan boshlab avtomobillar turi tasdiqlanishidan qat’i nazar, 14 ta band bo‘yicha majburiy sertifikatlanishi kerak. Bu tartib qaysi hujjat asosida joriy qilingani ochiqlanmagan.
Yuqoridagi amaliyot rasmiy diler bo‘lmagan jismoniy shaxslar va xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtomobillarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular Piskentdagi avtopoligonda ikki turdagi sinovdan o‘tganligi to‘g‘risida xulosa olishlari kerak edi: elektromagnit moslik va salondagi zaharli moddalar darajasi.
Jarayonlarni tezlashtirish maqsadida elektron navbat va laboratoriyaning 24 soatlik ish tartibi joriy etildi. Oqibatda poligonning quvvati oqimga bardosh bera olmay, bir necha oy davomida uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Keyinroq tadbirkorlar bilan uchrashuvlardan birida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bu tartib mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun joriy etilganini aytdi.
Sinovlar agentlikning sho‘ba korxonasi — “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi – UzTest tomonidan o‘tkazildi, bu esa manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi savollarni keltirib chiqardi.
Bayonnomada qayd etilishicha, buning natijasida rasmiy dilerlar soni 2020-yildagi 3 tadan 21 taga, transport turi ma’qullangan modellar soni esa 15 tadan 101 taga oshgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay, rasmiy dilerlik markazlari orqali sotuvlarning sezilarli o‘sishi kuzatilmayapti. Jismoniy shaxslar tomonidan 2025-yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2693 ta ko‘p yengil avtomobil olib kirilgan.
Buning sabablaridan biri sifatida sinov infratuzilmasining haddan tashqari yuklanganligi ko‘rsatilgan: Piskentda navbatlar uch oyga yetadi, bu esa fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. 2025-yilning yanvar-mart oylarida avtomobil importi 2024-yilning shu davriga nisbatan 69 foizga — 22 186 donadan 6 888 donaga kamaydi. Yetkazib berish miqdori 4,2 baravarga kamaydi — 488 million dollardan 115,1 million dollargacha. Joriy yilning birinchi yarmida avtomobil importi son jihatdan 33,4 foizga — 36 451 donadan 24 264 donagacha, pul ko‘rinishida esa 43 foizga kamaydi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Idoralararo komissiya bir qator qarorlar qabul qildi. 2-sentyabrdan boshlab shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan har bir avtotransport vositasi uchun ikkita ko‘rsatkich (elektromagnit moslashuvchanlik va avtomobil salonidagi toksik moddalar darajasi) bo‘yicha majburiy sinovlar o‘tkazish talabi bekor qilindi. Yangi dilerlik markazlari paydo bo‘lishi bilan Piskent avtopoligonida avtomobillarni sinovdan o‘tkazish zarurati dolzarb bo‘lib qolmadi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslar uchun transport vositasi turini ma’qullash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. 1-oktyabrga qadar “O‘zstandart”ga muvofiqlikni baholash markazlarini tashkil etish va akkreditatsiya tizimini yaxshilash uchun xususiy shaxslarni jalb qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqish va kiritish topshirildi. Xuddi shu muddatda texnik reglamentga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi taqdim etiladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlarda avtomobillar narxlaridagi tafovutlarni tahlil qilish, so‘ngra ularni optimallashtirish va tartibga solish bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga takliflar kiritish topshirildi. Shuningdek, agentlikka import qilinayotgan avtomobillar sifati nazoratini kuchaytirish, iste’molchilarning shikoyatlariga javob berish vazifasi qo‘yildi.
Izohlar